Latifa matni:
Bir kuni podsho Afandidan so`rab qoldi:
— Shu odamlarga hayronman-da. Doim bir-birlari bilan janjallashganlari-janjallashgan. Janjal nimadan chiqarkin-a, Afandim?
— Odamlar bir-birlariga behosdan «ahmoq bo`lma!» deb yuboradilar. Janjal shundan chiqadi.
— Bo`lmagan gap! Shu arzimagan gapdan ham janjal chiqadimi?!
— Chiqadi.
— Chiqmaydi!
— Ahmoq bo`lmang! — dedi Afandi jo`rttaga.
— Jallod!— deb qichqirdi podsho azbaroyi jahli chiqib ketganidan.
— Ana, aytmadimmi, taqsir, bitta «ahmoq bo`lma»ga janjal tugul, o`lim chiqdiku! Boring bo`lmasa, ahmoq bo`la qoling!