Yoshligida bir kuni otasi Afandini pishirilgan kalla olib kelish uchun bozorga yubordi. Afandi kallani olib kelayotib uning go`shtlarini yeb qo`ydi. — O`g`lim, olgan kallangda sira go`sht yo`q-ku? — so`radi otasi. — Ko`rmayapsizmi, dada, qo`yning o`zi juda oriq ekan? — Xayr, mayli, oriq ham bo`lsin, lekin qulog`i qani? — Garang qo`y bo`lsa kerak, o`zi qulog`i yo`q edi. — Qiziq, kallada ko`zi ham yo`q-ku, axir? — Bechora qo`yning ko`zi ko`r ekan. Shuning uchun ham qassobning pichog`idan qochib qutulolmagan-da. Otasi achchig`lanib jag`ni ochib ko`rgan edi, tili ham yo`q ekan. — Tili qayerda qoldi buni? — baqirdi otasi. — Ehtimol, shuncha aybi ustiga qo`y soqov hamdir. — Suyakdagi teri, go`shtlari qani bo`lmasa? — Ko`rib turibsiz-ku, o`zi ship-shiydam kal ekan. Har bir savolga Afandi puxta tayyorlanib kelganini ko`rgan otasi boshqa hech narsa so`ramadi. Afandi otasini yupatib: — Qarang, dada, tishlarining hammasi butun, birortasi ham nobud bo`lmagan! — dedi. Latifa http://kulgu.uz saytidan olindi! © Kulgu.Uz :)