Afandi kechasi uyqusi kelmay, ko`chaga chiqib aylanib yurgan edi, ittifoqo bir o`g`riga duch kelib qoldi. — Kimsan?! Bemahalda nima qilib yuribsan? - do`q urdi o`g`ri. — Shu shaharning o`g`rilaridanman,— dedi Afandi ham bo`sh kelmay. O`zing kimsan?! — Men ham boshqa bir shahardan kelgan zo`r o`g`riman. Uchrashganimiz yaxshi bo`ldi, ikkalamiz bahamjihat ish qilamiz. Men yangi kelganman, hali bu shaharning pasti balandini yaxshi bilmayman. Qani aytingchi ishni qayerdan boshlasak bo`ladi? — Shahar qozisining bir oq hangi eshagi bor. Avval shuni o`g`irlasak, keyin bozorga borib, ikkita qop bilan ozroq arqon o`g`rilasak, innaykeyin shishafurushning do`konidan shisha o`g`irlab ikki qopga liq to`lg`izsakda, bizning hovliga oborib ko`mib qo`ysak yomon bo`lmas edi. Shunda anchagacha jonimiz tinchirdi-da! Qalay, bu maslahatim sizga yoqadimi?. — O`g`ri javob berguncha bo`lmay, mirshablar kelib qolishdi. O`g`ri shilt urib qochib ketdi, Afandi qo`lga tushib qoldi. Uning dod-faryodiga quloq solmay, olib borib zindonga tashladilar... Ertalab uni so`roqqa olib chiqishdi. — Xo`sh Afandim,— dedi hokim,— sizni tuppa-tuzuk odam deb yursak, o`g`ri boshi ekansiz-ku! Nima qilib o`g`ri bilan tun qorong`isida gaplashib turuvdingiz? — Endi maslahatlashayotuvdik-da. To bir qarorga kelguncha bo`lmay, mirshablaringiz ushlab olishdi. — Nima maslahat qilayotuvdingizlar? — Avval qozining oq eshagini o`g`irlab, undan keyin bozordan qop bilan arqon olib, innaykeyin shishafurushning do`konini urmoqchi edik. Hokim huzur qilib kuldi: — Axir o`ylang, Afandim! Bunga siz ovora, biz ovora, eshak ovora. Shu ham o`g`rilik bo`ldimi? Ha, eshak o`g`rilikka arziydi... — Quloq soling, taqsir. Eshakni vaqtincha omonat o`g`irlab, shishani yetkazib olgach, yana qozining eshigidan sekin kirgizib yubormoqchi edik-da. — Iye, o`g`rilikning omonati ham bo`ladimi? — Ish bitguncha-da, taqsir. Nima qilamiz, jonli narsani asrab, boshimizga dahmaza orttirib. Yem-xashak uchun tag`in birovni qon qaqshatish yaxshimi?! Hokim yana kulib yubordi: — Shishaning yuztasini bir tangaga ham olmaydi-ku! Shuyam o`g`rilik bo`ldimi?! — Xo`p, bo`lmasa sizningcha nima qilishimiz kyerak edi? — Kiroyi o`g`rilik qilganga yarasha podshoning g`aznasini ursang ekan. — Mana shuni sizga o`xshagan tajribali odam yotig`i bilan tushuntirib bersa, durust bo`larkan-da. Eh, attang! Ha mayli, endi bundan keyin siz bosh qo`shsangiz, biz bajonidil xizmatingizga tayyormiz. Latifa http://kulgu.uz saytidan olindi! © Kulgu.Uz :)