Afandi bir kuni pulsiz qolib qo`liga ikki quloch arqonni oldi-da, mardikor bozorga chiqdi. U mardikorlar qatorida o`tirgan edi bir kishi kelib: — Bir yashik oyna bor, kimki shuni uyimga eltib bersa, pul o`rniga uchta hikmatli gap aytaman, - dedi. Mardikorlar: «Quruq gap — quloqqa yoqmas» deb, indamay o`tiraverishdi. Afandi yashik egasining shartiga rozi bo`ldi-da, yashikni ko`tarib borar ekan: — Qani, hikmatli gaplaringizni ayting, - dedi. — Birinchi gapim shuki: Agar birov sizga «to`qlikdan ochlik yaxshi» desa, aslo ishonmang, - dedi oyna egasi. — Hay-hay, buncha yaxshi, - dedi Afandi,— qani, ikkinchisini ham eshitaylik?, — Agar birov sizga «otliq yurishdan yayov yurish yaxshi» desa, aslo ishonmang. — Hay-hay, bunisi undan ham o`tkir gap ekan,— dedi Afandi,— qani, uchinchisini eshitaylik? Oyna egasi: — Agar birov sizga «syendan ko`ra ahmoqroq mardikor bor» desa, aslo ishonmang, - degan edi, Afandi yashikni ko`tarib turib yerga bir urdi-da: — Agar birov sizga «shu yashikning ichidagi oynalardan birontasi butun qoldi» desa aslo ishonmang! - dedi. Latifa http://kulgu.uz saytidan olindi! © Kulgu.Uz :)