Afandi bir poshshoga baliq sovg`a qildi. Poshsho bu sovg`a uchun Afandiga xazinadan bir tilla in’om qildi. Afandi chiqib ketishi bilan vazir poshshoga dedi: — Har kim baliq ko`tarib kelsa bir tilladan beraversangiz xazina bo`shab qoladi-ku? — Darvoke, aytganingiz to`g`ri. Nima qilish kerak? — Darhol Afandini qaytarib kelishni buyuring,— dedi vazir. Poshsho Afandining ketidan odam yubordi-da, vazirga dedi: — Tillani qaytarib ber desak kanday bo`lar ekan? — Buning iloji oson,— dedi vazir,— Afandidan balig`ing erkakmi, urg`ochimi deb so`raysiz, urg`ochi desa, «Menga erkak baliq kerak» deysiz, erkak desa, «Menga urg`ochi baliq kerak» deysizu tillani qaytarib olasiz. Afandi keldi. Poshsho undan so`radi: — Balig`ing erkakmi urg`ochimi? Afandi poshshoning niyatini payqab: — Balig`im xunasa edi,— deb javob berdi. Poshsho uning ziyrakligiga qoyil qolib, yana bir tilla in’om qildi. Latifa http://kulgu.uz saytidan olindi! © Kulgu.Uz :)