Latifa matni:
Afandi eshak o`g`irlatganini eshitib, uzoq-yaqindan oshna-og`aynilari kelib ko`ngil so`rashdi. Ularga osh-suv qilish uchun Afandining eshak narxidan o`n hissa ortiqroq puli ketdi. Bu ham yetmaganidek, bir ezma oshnasi kelib Afandiga har turli savollar bera boshladi.
— Afandi, eshagingizni bir kishi o`g`irladimi, ko`pchilikmi, eshakni minib ketdimi, yetaklab ketdimi? Eshak ostonadan o`ng oyog`i bilan chiqdimi, chap oyog`i bilan chiqdimi?
Afandi unga javob berdi:
— Yanagi safar eshak o`g`irlatadigan bo`lsam, sizni aytib kelaman, hammasini o`z ko`zingiz bilan ko`rasiz.