Latifa matni:
Afandining mahallasidagi xasis bir boy qachon mehmon kelsa, bir patnusda suvi qochgan patirni olib chiqib qo`yar, uni hech kim sindirolmaganidan yana butunicha olib kirib ketar edi. Bir mehmondorchilikdan keyin xizmatkor boyagi patirni ichkariga qaytarib olib ketayotganda, ostonaga qoqilib yiqildi-yu, patirni sindirib qo`ydi. Boy «oh» deb, o`zini tashlab hushidan keta yozdi. Afandi darrov o`rnidan turib, patirning siniqlarini terdi, ularni boyga uzatib tasalli berdi:
— O`zingizni bosing, boy buva, buning iloji oson: ko`chaning boshida qadoqchi o`tiribdi, yugurib chiqsangiz, sakkizta qadoq bilan patiringizni butunlab beradi.